Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyida 1-oktabr — Ustoz va Murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi
1-oktabr kuni Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyida sport sohasida faoliyat olib borayotgan ustoz va murabbiylarni hurmatlash hamda ularning mehnatini e’tirof etish maqsadida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Har bir sportchining yutuqlari ortida murabbiylarning mashaqqatli mehnati va fidoyiligi yotgani hamma uchun aniq. Shu munosabat bilan, sport sohasida samarali faoliyat yuritib, iqtidorli sportchilarni tayyorlashda ulkan hissa qo‘shayotgan murabbiylar munosib taqdirlandi.
Tadbirda Sport vaziri o‘rinbosari Avazjon Karimov, Milliy Olimpiya Qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston Sport tashkilotlari faxriylar kengashi raisi Baxodir Maxsitov hamda sport murabbiylari ishtirok etdi.
Bayram dasturi doirasida Respublika tashkilotlari, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda tizimdagi boshqa tashkilotlarning bir guruh fidoyi xodimlari “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni, vazirlik tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shu jumladan, yil davomida ko‘rsatgan xizmatlari uchun yirik sport tashkilotchilari — Yiliqchilik va ot sporti bosh kotibi A’loxoja Shadihojaev hamda Shokirov Dilshod ham “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.
Ustoz va murabbiylar kunini barcha ishtirokchilar samimiy tabriklab, ularning mashaqqatli va sharafli mehnatlari uchun chuqur minnatdorchilik bildirishdi.
