Markaziy Osiyoda ot sportini rivojlantirishga bag‘ishlangan onlayn konferensiya bo‘lib

Markaziy Osiyoda ot sportini rivojlantirishga bag‘ishlangan onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi

2025 yil 30 aprel kuni ZOOM platformasi orqali Markaziy Osiyo mintaqasida yilqichilik va ot sporti sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan onlayn konferensiya tashkil etildi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Yilqichilik va Ot sporti federatsiyasi raisi, Markaziy Osiyo Ot sporti konfederatsiyasi vitse-prezidenti Bahromjon Gaziev, Markaziy Osiyo Bosh kotibi Sergey Bukeyevich, O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Kurbanov Bekzod, Qozog‘iston Ot sporti federatsiyasi prezidenti Rustam Axatxonovich, Qirg‘iz Respublikasi Ot sporti federatsiyasi prezidenti Sadir Mamytov, Rossiya Federatsiyasi Ot sporti federatsiyasi prezidenti Mariya Sechenko va Armaniston vakili Armen Agadzxanyan ishtirok etdilar.

Konferensiyada 2025 yilda Qirg‘iz Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro ot sporti musobaqalari yuzasidan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, musobaqalarning bosqichma-bosqich tashkiliy jarayonlari, ishtirokchi jamoalarning tayyorgarlik holati hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha takliflar bildirildi.

Uchrashuv davomida Markaziy Osiyoda ot sportini keng targ‘ib etish, yosh avlodni ushbu sport turi bilan shug‘ullanishga jalb qilish, zamonaviy infratuzilmalarni rivojlantirish, xalqaro tajriba almashinuvi va mutaxassislar o‘rtasida uzviy aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar sport sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, xalqaro musobaqalarni muntazam tashkil etish hamda Markaziy Osiyoda ot sportining nufuzini oshirish bo‘yicha birgalikdagi harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
#uznews #uzbekistan #sportuz #Live #🌟