Xalqaro ot sporti federatsiya tomonidan tashkil etilgan “FEI bosh assambleyasi”da O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi rahbariyati ishtirok etadi
Sana: 4–7 noyabr 2025-yil
Joy: Gongkong shahri
2025-yil 4–7 noyabr kunlari Gongkong shahrida Xalqaro yilqichilik federatsiyasi (FEI)ning navbatdagi Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu nufuzli tadbirda dunyoning turli mamlakatlaridan ot sporti sohasining yetakchi vakillari, mutaxassislar hamda xalqaro tashkilotlar ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasidan ushbu anjumanda federatsiya raisi Gaziyev Bahromjon va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Qurbonov Akbar ishtirok etmoqdalar.
Assambleya kun tartibida joriy yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar tinglanadi, FEI a’zolari o‘rtasida tajriba almashinuvi va hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etiladi. Shuningdek, kelgusi yil uchun ustuvor yo‘nalishlar, xalqaro musobaqalar taqvimi hamda global ot sporti rivojiga oid tashabbuslar ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi mazkur anjumanda mamlakatimizda ot sporti va yilqichilik sohasini rivojlantirish, yosh sportchilarni tayyorlash, xalqaro standartlarni joriy etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot beradi hamda FEI bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashni maqsad qilgan.

