O‘zbekistonda homiylik yordami bo‘yicha yangi tartiblar belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2025-yil 18-noyabr kuni F-59-son farmoyishni imzoladi. Mazkur hujjatda davlat korxonalari tomonidan homiylik yordamini ko‘rsatish bo‘yicha yangi yondashuvlar belgilab berildi.
Farmoyishning 9-bandiga muvofiq, davlat korxonalari homiylik yordamini faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlarida nazarda tutilgan holatlarda ko‘rsatishi mumkin. Boshqa barcha hollarda bunday yordamlarni taqdim etish to‘xtatilishi belgilandi. Ushbu qaror moliyaviy shaffoflikni oshirish hamda mablag‘lardan samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.
Hujjatda homiylik yordami davlat siyosati va tasdiqlangan dasturlar doirasida, aniq tartib va nazorat asosida amalga oshirilishi lozimligi alohida qayd etilgan.
Ayni paytda sport turlari bo‘yicha respublika federatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash masalasi yuzasidan yangi takliflar ishlab chiqilmoqda. Mazkur takliflar sport sohasini tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, shu bilan birga moliyaviy intizom va ochiqlikni kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Qabul qilingan ushbu chora-tadbirlar sport va boshqa ijtimoiy sohalarda barqaror rivojlanishni ta’minlash, moliyaviy jarayonlarni tartibga solish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan.

