Aholining 60 foizini yoshlar tashkil etadigan mamlakatimiz uchun bu

Aholining 60 foizini yoshlar tashkil etadigan mamlakatimiz uchun bu qanday katta ahamiyatga ega ekanini barchangiz yaxshi tushunasiz, albatta.
Biz, islohotlarimizning ilk kunlaridanoq, barcha sohalar qatori jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratdik. Olimpiya harakati targ‘ibotini eng quyi bo‘g‘indan boshlash va seleksiyani kengaytirish maqsadida uch bosqichli “Prezident Olimpiadasi” kompleks sport musobaqalari tizimini yo‘lga qo‘ydik. Bu musobaqalarning har bir bosqichiga xalqaro sport mezonlari va talablari tatbiq qilindi.
O‘tgan yili 100 gektarlik hududda barpo etilgan Olimpiya shaharchasi nufuzli sport tadbirlarini o‘tkazish uchun har tomonlama munosib maydonga aylandi.
Yaratilgan imkoniyat va sharoitlarga mos ravishda sport sohasidagi yutuqlarimiz ham o‘sib bormoqda. Parij – 2024 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz 13-o‘rinni egalladi. O‘tgan yili jahon, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida 50 dan ortiq o‘g‘il-qizlarimiz rekord natijalarni qo‘lga kiritdi. Yoshlarimiz 2025-yil Bahraynda o‘tkazilgan Osiyo Yoshlar o‘yinlari va Saudiyada Islom birdamligi musobaqalarida faxrli 2-o‘rinni egalladi.
So‘nggi yillarda yurtimiz og‘ir atletika, boks, dzyudo, eshkak eshish, voleybol, gimnastika, futzal kabi 10 dan ziyod sport turlari bo‘yicha jahon chempionati va kubogi musobaqalariga munosib mezbonlik qildi.
Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish, samarali seleksiya bo‘yicha yangi tizim yaratdik. Biz yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash ishlarini bundan buyon ham izchil davom ettirish uchun zamonaviy sport infratuzilmalarini barpo etishga, sohaga raqamlashtirish va innovatsiyalarni keng joriy qilishga, xalqaro standartlarni faol tatbiq etishga, sport diplomatiyasini kuchaytirishga katta e’tibor qaratamiz.
Bundan tashqari, halol sport tamoyiliga amal qilib, dopingga qarshi kurashning qat’iy tarafdori bo‘lib qolamiz. Bu borada Butunjahon antidoping agentligining adolatli siyosatini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Bugun ushbu Agentlik tomonidan Toshkentda Markaziy Osiyo mintaqaviy antidoping tashkilotlarining yig‘ilishi va Xalqaro forum o‘tkazilayotgani muhim ahamiyatga ega. Ushbu tadbir mahalliy mutaxassislar uchun antidoping qoidalari bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatini berishi shubhasiz.
Shuningdek, anjumanda qatnashayotgan xalqaro sport tashkilotlarida 50 dan ortiq yurtimiz vakillari samarali faoliyat yuritayotganini ham mamnuniyat bilan ta’kidlaymiz.
Tadbir doirasida Xalqaro va Osiyo sport tashkilotlari bizning milliy sport federatsiyalarimiz bilan 20 dan ziyod muhim bitimlar imzolaganini ham olqishlaymiz. Ular o‘z yo‘nalishlarida har bir hududimizdan 1 tadan sport maktabini tanlab olib, haqiqiy namunaga aylantirish uchun ko‘maklashayotganidan minnatdormiz.
Misol uchun, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi – Bo‘stonliq tumanida Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika sport klubini zamonaviy ilmiy yondashuv asosida rivojlantirish; Birlashgan kurash dunyosi tashkiloti – Mintaqaviy sport kurashlari akademiyasini tashkil etish; Osiyo voleybol konfederatsiyasi – har bir viloyatimizda voleybol bo‘yicha 1 tadan sport klubini bunyod etish; Chim ustida hokkey xalqaro federatsiyasi – Toshkent va Xorazm viloyatlarida 2 ta stadion qurish kabi aniq maqsad va natijaga yo‘naltirilgan kelishuvlarga erishgani quvonarlidir.
Mazkur loyihalarni to‘la-to‘kis amalga oshirish uchun mening joylardagi vakillarim bo‘lgan hokimlar va sport federatsiyalarimiz rahbarlari shaxsan mas’ul bo‘ladi.
Ishonamanki, bunday yangi xalqaro hamkorlik mexanizmi sportimiz ravnaqiga beqiyos amaliy hissa qo‘shadi.
Hurmatli delegatsiyalar a’zolari!
Endi sizlarning ishtirokingizda Olimpiya harakatini rivojlantirish, muhim sport tashabbuslarini ilgari surishga qo‘shayotgan alohida hissasi uchun Shayx Jav’an ol Soniy hazratlarini O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlashga ijozat bergaysiz.
So‘zimning yakunida shuni alohida ta’kidlayman: Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan sport sohasida ko‘p qirrali hamkorlikka hamisha tayyor.