Stephex Stables — Yevropaning yetakchi ot sporti majmualaridan biriJahon

Stephex Stables — Yevropaning yetakchi ot sporti majmualaridan biri

Jahon chempionati doirasida O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev Belgiyaning 🇧🇪 Meize shahrida joylashgan, Yevropaning nufuzli ot sporti markazlaridan biri — Stephex Stables majmuasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida federatsiya raisi Stephex Group asoschisi Stefan Konter bilan uchrashib, ot sportini rivojlantirish, xalqaro hamkorlik va ilg‘or tajribalarni o‘rganish masalalarini muhokama qildi.

1986-yilda Stefan Konter tomonidan tashkil etilgan Stephex Stables bugungi kunda Yevropadagi eng yirik va nufuzli ot sporti majmualaridan biri sifatida tanilgan. Majmuada yuqori darajadagi sport otlarini yetishtirish, tayyorlash va sotish bilan bir qatorda, chavandozlar va otlar uchun professional mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Stephex Group shuningdek, Knokke Hippique va Brussels Stephex Masters kabi 5 yulduzli xalqaro musobaqalarni tashkil etishi bilan ham xalqaro ot sporti jamoatchiligida katta nufuzga ega.

Stephex Group faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan yana biri — sport otlarini xavfsiz va qulay tashishga mo‘ljallangan maxsus transport vositalarini ishlab chiqarishdir. Guruh tarkibiga STX, AKX va Ketterer kabi brendlar kiradi. Ushbu yo‘nalish O‘zbekiston uchun ham amaliy ahamiyatga ega. Xususan, 2020-yilda Federatsiya Stephex Group tarkibidagi STX brendining maxsus ot tashuvchi transport vositasini xarid qilgan. Bugungi kunda mazkur texnika sport otlarini xalqaro va milliy musobaqalarga xavfsiz tashishda foydalanilmoqda.

Stephex Stablesning tarixi jahon ot sportining yorqin sahifalari bilan ham chambarchas bog‘liq. Majmua Olimpiya chempioni Erik Lamaze va uning afsonaviy Hickstead oti bilan ham mashhur. Ular 2008-yilda Gonkongda 🇭🇰 o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlarida yakka tartibdagi bahslarda oltin, jamoaviy bahslarda esa kumush medalni qo‘lga kiritgan.

Majmuaning infratuzilmasi ham yuqori darajadagi sport tayyorgarligi uchun barcha sharoitlarni o‘zida mujassam etgan. Asosiy otxonada 82 ta ot uchun joy mavjud bo‘lib, majmua hududida yana beshta qo‘shimcha otxona korpusi, uchta yopiq manej, otlar uchun suv va yurish trenajorlari, tuzli spa hamda vertolyot maydonchasi faoliyat yuritadi.

Bugungi kunda Stephex Stables nafaqat yuqori darajadagi sport otlari tayyorlanadigan markaz, balki xalqaro ot sporti musobaqalari, auksionlar va sport otlari savdosi, shuningdek, maxsus ot tashuvchi transport vositalari ishlab chiqarishni birlashtirgan yirik xalqaro tizimning muhim qismidir.

Mazkur tashrif O‘zbekiston ot sporti sohasi uchun Yevropaning ilg‘or tajribasini o‘rganish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va kelgusidagi qo‘shma loyihalar uchun yangi imkoniyatlarni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.