Toshkentda OOKning 46-Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi26-yanvar kuni poytaxtimiz Toshkent

Toshkentda OOKning 46-Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi

26-yanvar kuni poytaxtimiz Toshkent shahrida Osiyo Olimpiya kengashining (OOK) 46-Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli anjuman doirasida Osiyo Olimpiya kengashi Prezidentligi lavozimiga saylov tadbiri ham tashkil etildi.

Saylov jarayonida Assambleya delegatlari tomonidan Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi (ANOC) raisining birinchi o‘rinbosari, Qatar Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy nomzodi bir ovozdan Osiyo Olimpiya kengashi Prezidenti lavozimiga saylandi.

Ushbu muhim xalqaro tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari Assambleya doirasida nutq so‘zlab, sportning tinchlik, do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashdagi beqiyos ahamiyatini alohida ta’kidladi.

Quyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasidagi to‘liq nutqlari:

Hurmatli do‘stlar!
Xonimlar va janoblar!
Bugun dunyoda globallashuv tobora kuchayib, ziddiyatli va tahlikali jarayonlar ko‘payib borayotgani hech kimga sir emas. Bunday murakkab vaziyatda davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi muloqot, o‘zaro tushunish va hamkorlikni mustahkamlashda sportning beqiyos o‘rni bor.
Tinchlik va do‘stlik elchisi bo‘lgan sportning butun bashariyatni, jumladan, biz yashayotgan Osiyo qit’asi xalqlarini birlashtirishdagi o‘rni va ta’sirini hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi.
Osiyo Olimpiya Kengashi qit’amizning 4 milliard 800 milliondan ortiq aholisini birlashtirib, Olimpiya harakatining do‘stlik, o‘zaro hurmat, adolat va tenglik kabi ezgu g‘oyalarini faol targ‘ib etmoqda. Sizlar mintaqamizdagi ijobiy o‘zgarishlarga ulkan hissa qo‘shib, sport diplomatiyasi orqali “Jipslashgan Osiyo” namunasini ko‘rsatib bermoqdasiz.
Fursatdan foydalanib, bizga yuksak ishonch bildirib, Osiyo Olimpiya Kengashining 46-Bosh Assambleyasini mamlakatimizda o‘tkazayotgani uchun Kengash rahbariyatiga O‘zbekiston Prezidenti va Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbari sifatida alohida minnatdorlik bildiraman.
Bugun mana shunday tarixiy anjumanda Sizlar bilan go‘zal va betakror yurtimiz zaminida uchrashib turganimizdan mamnunman.
O‘zbekistonga xush kelibsiz!
Hurmatli assambleya ishtirokchilari!
Bugun cizlar qit’amizda o‘zaro ishonch, ahillik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilayotgan yirik platforma – Osiyo Olimpiya Kengashining Bosh Assambleyasida juda ko‘p masalalarni muhokama qildingiz. Shular qatorida aynan Toshkent shahrida Kengashning Prezidenti lavozimiga saylov bo‘lib o‘tayotgani ham, shubhasiz, ulkan tarixiy voqeadir.
Ushbu yuksak lavozimga bir ovozdan saylangan Shayx Jav’an bin Hamad ol Soniy Hazrati Oliylarini samimiy qutlashga ijozat bergaysiz.
O‘tgan yili aprelda – bugun yangi saylangan Prezident bilan uchrashuvimiz chog‘ida sportni rivojlantirish borasida sermazmun suhbat qilgan edik. Shayx Jav’an hazratlari Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti sifatida Qatarda futbol va suv sporti bo‘yicha jahon chempionatlari kabi ko‘plab yirik sport tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazgan, katta bilim va tajribaga ega shaxs. Bu inson o‘zining noyob salohiyati va samarali faoliyati bilan nafaqat Osiyo qit’asi, balki butun dunyoda sport rivojiga ulkan hissa qo‘shmoqda. Bugun Osiyo Olimpiya Kengashi mana shunday malakali nomzodni Prezident lavozimiga saylab eng to‘g‘ri qarorni qabul qildi, deb o‘ylayman.
Ishonamanki, Shayx Jav’an hazratlarining bevosita rahbarligida Osiyo Olimpiya Kengashining nufuzi bundan ham yuksaladi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Biz so‘nggi yillarda Osiyo Olimpiya Kengashi bilan ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tardik. Jumladan, 2022-yilda Osiyo Olimpiya Kengashi Ijroiya qo‘mitasining 77-sessiyasini mamlakatimizda muvaffaqiyatli o‘tkazdik. Ushbu nufuzli Tashkilot tomonidan O‘zbekiston vakili ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezident etib saylandi.