2029 yilgi Yoshlar Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish uchun aynan

2029 yilgi Yoshlar Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish uchun aynan O‘zbekiston tanlanganini biz mamlakatimizga mas’uliyatli sport hamkori sifatida berilgan yuksak baho, deb qabul qilamiz. Bu ishonch esa bizga qo‘shni va qardosh bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan sport aloqalarini mustahkamlash uchun puxta zamin yaratmoqda.
Shu o‘rinda Osiyo Olimpiya Kengashi Bosh direktori va “World Aquatics” federatsiyasi rahbari Husayn al-Musallam janoblari o‘zbek sportining uzoq yillik va ishonchli do‘sti ekanini alohida ta’kidlashni istar edim. Bu kishi 1993-yildan buyon yurtimizga muntazam tashrif buyuradi. O‘zbekistonga katta mehr qo‘yib, mamlakatimizning xalqaro sport bo‘yicha tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Janob Husayn al-Musallam nafaqat Osiyoda, balki xalqaro miqyosda o‘zining aql-zakovati, qat’iyat va irodasi, barchaga birdek munosabati bilan keng sport jamoatchiligi ishonchini qozongan. Suv sporti barcha turlarining butun dunyoda yangi bosqichga ko‘tarilgani bu fikrning yaqqol tasdig‘idir. Xususan, Los-Anjeles – 2028 Olimpiya o‘yinlarida suv sporti turlari dasturi 49 tadan 55 taga ko‘paygani, eng avvalo, rivojlanayotgan davlatlar uchun yangi imkoniyat bo‘ldi.
Kuni kecha yurtimizda “World Aquatics” federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi o‘tkazilib, uning Mintaqaviy filiali tashkil etilgani Markaziy Osiyo sport hamjamiyati uchun katta ko‘mak va madad bo‘lishi shubhasiz.
Ta’kidlash joizki, Osiyo Olimpiya Kengashi amalga oshirayotgan ishlarni butun dunyo sport jamoatchiligi har jihatdan tan olmoqda. Jumladan, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Kirsti Koventri xonimning Bosh Assambleyaga yo‘llagan videomurojaati ham bunga yaqqol misoldir.
Anjumanda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi vakillari sifatida Jeyms Makleod va Birlashgan kurash dunyosi prezidenti Nenad Lalovich ishtirok etayotgani ham ana shunday yuksak e’tiborning dalilidir.
Fursatdan foydalanib, Assambleya ishida biz bilan birga ishtirok etayotgan Xalqaro antidoping agentligi prezidenti Vitold Banka, Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti Morinari Vatanabe, Og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jalud, “World Boxing” prezidenti Gennadiy Golovkin, Chim ustida hokkey federatsiyasi prezidenti Muhammad Tayyab Ikram, Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi vitse-prezidenti Anna Delgado, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi raisi Majid Rashid, Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi Bosh kotibi Gunilla Lindberg, Afrika Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi prezidenti Mustafo Berraf janoblariga alohida tashakkur aytaman.
Bundan tashqari, anjumanimizda biz bilan bir safda turgan qadrli mehmonlarimiz – AQSH Prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli, Rossiya Federatsiyasi sport vaziri Mixail Degtyarev, Saudiya Arabistoni sport vaziri Shahzoda Abdulaziz bin Turki ol Saud, Qatar yoshlar va sport vaziri Shayx Hamad ol Soniy, Iordaniya Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Shahzoda Faysal al-Hussayn, Bruney Dorussalom Milliy Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Shahzoda Sufri Bolqiyax, Butan Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Shahzoda Jigyel Ugyen Vangchuk, Kuvayt Milliy Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Shayx Fahad Saboh as-Saboh hazratlariga ham o‘z hurmatimizni bildiramiz.
Qadrli mehmonlar!
Biz Yangi O‘zbekistonda yoshlarimizni xalqaro olimpiada harakatining gumanistik g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda, eng avvalo, qadimiy tariximiz va boy madaniyatimiz, milliy qadriyat va urf-odatlarimizga tayanamiz.
Bu haqda gapirganda, mashhur milliy eposimiz “Alpomish” dostonining bosh qahramonlari – mard va yengilmas pahlavon Alpomish hamda azmu shijoatli, jasur Barchinoy asrlar davomida yurtimizdagi millionlab yigit-qizlar uchun ideal namunasi bo‘lib kelayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.
Shu ma’noda, sport dunyosiga, sport tarbiyasiga xos ezgu fazilatlar xalqimizning genetik kodida azal-azaldan mavjud, desam, yanglishmagan bo‘laman. Bunday xususiyatlar sportchilarimizning jahon arenalarini zabt etishida katta tajriba, mahorat va ilhom maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda aholini ommaviy sport bilan qamrab olish darajasi 15 million kishiga yetdi.